Xabar qilinganidek, bugun 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan Konstitutsiyaviy sud va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiyalashning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini davom ettirdi.
Xalqaro konferensiyaning ishi oltita sessiya doirasida bo‘lib o‘tdi, ularning har biri vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlandi. Xususan, xalq hokimiyati asoslarini mustahkamlash sharoitida vakillik hokimiyati organlarining yangi konstitutsiyaviy qiyofasi, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirishning asosiy ustuvorliklari, parlament nazoratini tashkil etish va o‘tkazishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini implementatsiya qilish masalalari, vakillik hokimiyati tizimini modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish hamda parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning siyosiy-huquqiy masalalari yo‘nalishida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda samarali, inklyuziv va shaffof davlat hokimiyati tizimini barpo etishga qaratilgan demokratik islohotlar mamlakati sifatida tan olinayotganini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbirning ahamiyatini Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yillik yubiley Assambleyasidan ko‘p o‘tmay o‘tkazilganligi yanada oshirdi. O‘zbekistonda bunday nufuzli xalqaro forumning o‘tkazilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishining ifodasidir. Bu, shuningdek, O‘zbekistonning global muloqot va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma sifatida tobora ortib borayotgan nufuzidan dalolat beradi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari, yu.f.d., professor A.Gafurov “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan ta’kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan samarali, inklyuziv va shaffof davlat hokimiyati tizimini qurishga qaratilgan demokratik islohotlar mamlakati sifatida e’tirof etilmoqda. Bunday yuksak baho “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida mumkin bo‘ldi. Mazkur strategiya davlat va jamiyat qurilishining keyingi bosqichlari uchun siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarni yaratdi. Ushbu Strategiya doirasida mamlakat Prezidenti tomonidan demokratik institutlarni yanada mustahkamlash, xalq hokimiyati mexanizmlarini takomillashtirish va fuqarolik jamiyatining rolini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar ilgari surildi.
Konferensiyada konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri sifatida 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilgan saylovlari qayd etildi. Vakillik organlarini shakllantirishga oid yangi yondashuvlar O‘zbekistonning ilg‘or demokratik instrumentlarni joriy etish, hokimiyatning shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, siyosiy partiyalar va fuqarolik institutlarining erkin rivojlanishini kafolatlash borasidagi qat’iy intilishlaridan dalolat beradi.
Shu bilan birga, vakillik hokimiyati organlarining samarali modernizatsiyasi xalqaro tajribani kompleks o‘rganishni, eng yaxshi xorijiy amaliyotlarni tahlil qilishni va mamlakatning milliy xususiyatlari va manfaatlarini hisobga olgan holda ularni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, yangi konstitutsiyaviy sharoitlarda Parlament va vakillik organlari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar metodik qo‘llanmalar, parlament va deputatlik faoliyatini samarali tashkil etish, vakillik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi hamkorlikning yangi konstitutsiyaviy sharoitlardagi tashkiliy-huquqiy modelini ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Xalqaro konferensiyaning o‘tkazilishi O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarni ilgari surish va vakillik hokimiyati organlari tizimini takomillashtirish maqsadida muloqotga, tajriba almashishga va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ochiqligini tasdiqlovchi yana bir misol bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi