Ma’lumki, 17-18 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Konferensiya ishida Venetsiya komissiyasi, GIZ kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi taklifiga binoan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida Huquq orqali Demokratiya uchun Yevropa kengashi (Venetsiya komissiyasi) vitse-prezidenti Veronika Bilkova ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida, shuningdek o‘zaro hamkorlik aloqalaridan kelib chiqib, 2025 yil 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida Venetsiya komissiyasi Vitse-prezidenti Veronika Bilkova bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov V.Bilkovaga tashrifi uchun minnatdorlik bildirib, Huquq orqali Demokratiya uchun Yevropa kengashi (Venetsiya komissiyasi)ning O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlik aloqalari jadal rivojlanayotgani, konstitutsiyaviy odil sudlov sohasiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.
M.Abdusalomov V.Bilkova xonimning Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida shaxsan ishtirokini Konstitutsiyaviy sud hamda Venetsiya komissiyasi o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning misoli sifatida keltirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlashda O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda.
2023 yili umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi Konstitutsiyada Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xalqimizning intilishlari o‘z aksini topdi. Konstitutsiyaning referendum yo‘li bilan qabul qilinishi xalq hokimiyatchiligi prinsipining eng oliy ko‘rinishi sifatida unga yuqori legitimlik bag‘ishlaydi.
Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy – huquqiy sharoitlarni yaratdi.
V.Bilkova xonim taklif uchun minnatdorlik bildirib, Venetsiya komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini bildirdi.
Venetsiya komissiyasiga 61 davlat a’zo bo‘lib, unda Yevropa davlatlari, Amerika qit’asi, Kanada, Meksika, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari a’zo ekanligi takidlandi.
Tomonlar endilikda erishilgan natijalar bilan bir qatorda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, xususan fundamental huquqlar, sud-huquq masalalari, konstitutsiyaviy odil sudlov hamda konstitutsiyaviy shikoyat instituti masalalarida, shuningdek Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari Assotsiatsiyasiga raislik 2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga o‘tishi munosabati bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi Devoni