eye
2021 yil 9 avgust kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutining tashkil etilishi tarixi va rivojlanishi istiqbollari, shuningdek joriy yil 27 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so'z yuritildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov davra suhbatini ochar ekan, “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi – mamlakatimizdagi keng qamrovli demokratik islohotlar bilan bevosita bog'liqligini ta'kidladi. Endilikda Konstitutsiya va amaldagi qonunlar o'rtasida uchraydigan ayrim ziddiyatlarni sharhlash, shuningdek aholi kundalik hayotida duch kelayotgan muammolar borib taqaladigan huquqiy asoslar Konstitutsiya va qonunlar talabiga nechog'lik mosligini aniqlash imkoniyatlari tubdan kengayadi.

Yangi Konstitutsiyaviy qonun inson huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish va milliy qonunchilikni erkinlashtirish g'oyalariga muvofiq holda qabul qilindi. Unga Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni rivojlantirishga qaratilgan printsipial  yangiliklar kiritilgani juda muhim.

Davra suhbatida ishtirok etgan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o'rinbosari Asqar G'afurov Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari, faoliyat tartibi, unga murojaat qilish huquqi haqida atroflicha ma'lumot berdi. Shuningdek, “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi qonun asosida joriy etilgan bir qator yangiliklarga to'xtaldi.

Birinchidan, fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud sud`yalarining tarkibi shu vaqtga qadar 7 nafar bo'lsa, endi  9 nafar etib belgilandi.

Uchinchidan, Konstitutsiyaviy sud sud`yasining vakolat muddati qayta ko'rib chiqildi. Avval Konstitutsiyaviy sud sud`yasining vakolat muddati besh yilni tashkil etgan bo'lsa, yangi qonunga ko'ra birinchi marta saylanganda besh yilni, navbatdagi saylanganda o'n yilni tashkil etadi.

To'rtinchidan, Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o'rinbosari bo'lishga muddat nuqtai nazaridan cheklov o'rnatildi. Qonunning 18-moddasiga binoan endilikda ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning o'rinbosari etib ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

Beshinchidan, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega sub'ektlar soni 15 taga yetdi (ilgari 12 ta bo'lgan). Qonunning 27-moddasiga muvofiq, quyidagilar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega hisoblanadi:

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman);

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari — Bola huquqlari bo'yicha vakil;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi;

Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to'rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;

Senat a'zolari umumiy sonining kamida to'rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi;

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori;

O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi;

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy markazi;

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil.

Tadbirda demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy shikoyat instituti inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashning muhim institutlaridan biri ekanligi, konstitutsiyaviy shikoyatning kiritilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada keng himoyalashga xizmat qilishi qayd etildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy markazining Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega sub'ektlar safidan joy olganini hisobga olib, mamlakatimizda inson manfaatlari to'la ta'minlanishini ko'zlagan holda, tez orada dastlabki murojaat matnini shakllantirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ishtirokchilar Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga doir yangi Qonun yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga to'liq javoblar oldi. 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish