eye
Inson huquqlari bo‘yicha vakil hisoboti eshitildi va Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi
2021 yil 25 fevral kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferentsaloqa tarzida majlisi o‘tkazildi.

Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning hisobotlari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda Senatning Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining Qonuniylikni ta’minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitktsiyaviy Qonunning qabul qilinishi inson huquqlarini kengroq himoya qilishga xizmat qiladi.

Jumladan, hozirgi kunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinadi. Biroq Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan. Biroq aksariyat mamlakatlarda bunday norma qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo‘lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yangi bosqichga ko‘taradi.

Qonun bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub'yektlar doirasi kengaytirilmoqda.

Majlisda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hisobotini tanqidiy-tahliliy muhokama qildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova hisobot berdi.

Qayd etilganidek, Vakil va uning joylardagi vakili tomonidan 7 ta asosiy soha bo‘yicha ishlar qilingan.

Xususan, inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish sohasida qator ishlar qilingan.

Shu bilan birga, Vakilning aholi murojaatlari bilan ishlashda o‘tgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, hisobot davrida 176 ta murojaat qonun talablariga muvofiq belgilangan tartibda anonim deb topilgan. Biroq mazkur murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni Vakil tashabbusi bilan ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Murojaatlarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun samarali mexanizmlarni joriy etish va ushbu sohada inson huquqlarini himoya qilish borasida ustuvor siyosat olib borilayotgan bir paytda hisobot yili davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 274 ta murojaatiga o‘z vaqtida vazirlik va idoralardan javob xatlari berilmagan. Mazkur holat yuzasidan vazirlik hamda hokimliklarga 3 ta taqdimnoma (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi), 9 ta xulosa (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Toshkent shahar, Andijon va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklariga) kiritilganligiga qaramay, Oliy Majlis palatalariga bu haqida ma’lumot kiritilmagan.

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishini oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan huquqiy targ‘ibotning samarali tashkil etilmaganligi oqibatida qamoqda saqlash joylarida bir qator kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi.

Ya’ni jazoni ijro etish muassasasi xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonundan to‘liq xabardor emasligi;

muassasalardagi ishlab chiqarish sexlarida tibbiy punktlar tashkil etilmagan hamda sexlar, mustaqil uchastkalar, ustaxonalar va boshqa inshootlar birinchi tibbiy yordam aptechkalari bilan to‘liq ta’minlanmaganligi;

ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanmaganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, Vakilning mintaqaviy vakillari o‘z faoliyatini targ‘ib qilish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Senat a’zolari va ekspert hamda mutaxassislar tomonidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Report bugs to the author