eye
Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy masalalari muhokama qilinmoqda

    2025 yil 17–18 aprel kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

    Tadbirda Oliy Majlis deputatlari va senatorlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari raislari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlari rahbarlari shuningdek, Buyuk Britaniya, Sloveniya, Fransiya, Polsha, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi 9 mamlakatdan davlat arboblari, ekspertlar, olimlar,  Venetsiya komissiyasi va GIZ kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etmoqdalar.

    Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishidan maqsad  – yangilangan Konstitutsiya sharoitida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlar o‘rtasida fikr almashishdir.

    Konferensiya 2023 yilda Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinganidan keyin amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar doirasida o‘tkazilmoqda. Vakillik hokimiyati organlarini shakllantirish va faoliyat yuritishga bo‘lgan yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, unda qonunchilik faoliyati, parlament nazorati, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli keng muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

    Xalqaro konferensiyaning ishi oltita sessiya doirasida bo‘lib o‘tmoqda, xususan ularning har biri vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari, xalq hokimiyati asoslarini mustahkamlash sharoitida vakillik hokimiyati organlarining yangi konstitutsiyaviy qiyofasi, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirishning asosiy ustuvorliklari masalalari muhokama qilinmoqda.

    Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi

 

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish