2024 yil 18 iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi boʼldi. Unda Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazining 2024 yil 24 iyundagi murojaati asosida “Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʼgʼrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga rasmiy sharh berish toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqishga kirishdi.
Sud majlisiga Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulugʼbek Аbdusalomov raislik qilmoqda. Majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari boʼyicha Milliy markazi, Аdliya vazirligi vakillari, shuningdek Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga kiritilgan masala yuzasidan maʼruzachi sudya qonun normasiga sharh berish boʼyicha kelib tushgan murojaatning mohiyati, ish koʼrilishiga sabab boʼlgan asosiy holatlar yuzasidan maʼruza qildi.
Sud majlisida Inson huquqlari boʼyicha Milliy markazi vakili Konstitutsiyaviy sudga mazkur masalani kiritishga asos boʼlgan holatlar, shuningdek boshqa vajlar hamda dalillar va maʼlumotlarni bayon qildi. Koʼrib chiqilayotgan masala yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi va Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolarining fikr va mulohazalari tinglandi.
Shundan soʼng, Konstitutsiyaviy sud raisi sud majlisida bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni chuqurroq oʼrganish va ishga oid materiallarni har tomonlama tahlil qilish, Konstitutsiyaviy sudning qarorini tayyorlash maqsadida Konstitutsiyaviy sud majlisi 2024 yil 23 iyul kuni davom ettirilishini eʼlon qildi.
Oʼzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi